Simeone boshqaruvidagi «Atletiko» uchinchi bor «Barselona»ni Chempionlar Ligasidan chiqarib yubordi
Madridning «Atletiko» klubi UEFA Chempionlar Ligasi chorak finalida ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (2:0, 1:2) «Barselona»ni mag‘lub etib, musobaqadan chiqarib yubordi.
Shu tariqa, Diyego Simeone qo‘l ostidagi «Atletiko» Chempionlar ligasi doirasida uchinchi bor «Barselona»dan ustun keldi — Madrid klubi avvalroq 2013/2014 hamda 2015/2016-yilgi mavsumlarda ham kataloniyaliklarni musobaqadan chiqarib yuborgan edi.
E’tiborlisi, ushbu mavsumda «Atletiko» «Barselona»ni ikkinchi turnirdan ham chiqarib yubormoqda — bundan avval «matraschilar» Ispaniya Kubogining chorak final bosqichida ham «Barselona» ustidan g‘alaba qozonishgan edi.
Yarimfinalda «Atletiko» jamoasi «Arsenal» — «Sporting» juftligi g‘olibi bilan to‘qnash keladi. Mazkur jamoalar o‘rtasidagi birinchi uchrashuv bir hafta oldin bo‘lib o‘tgan va unda Angliya klubining qo‘li baland kelgan edi (1:0).
Ma’lumot uchun, Simeone 2011 yildan buyon «Atletiko»ni boshqarib kelmoqda.