Sigirlar podasi futbolchilarga o‘yin paytida hujum qildi
Meksikaning Michoakan shtatida bolalar o‘rtasidagi futbol uchrashuvi vaqtida noodatiy voqea yuz berdi. O‘yin davom etayotgan paytda bir guruh sigirlar kutilmaganda maydonga yugurib chiqdi. Bu haqda De Ultimo Minuto nashri xabar berdi.
Hayvonlarning paydo bo‘lishi yosh futbolchilar orasida vahimaga sabab bo‘ldi. Bolalar darhol to‘pni tashlab, tribunalar tomon yugurishdi. Sigirlar esa ularning ortidan maydon bo‘ylab harakatlanishda davom etdi.
Vaziyat yanada xavfli tus olishi mumkin edi, biroq mahalliy it sigirlar yo‘lini to‘sib, ularni maydondan haydab chiqishga yordam berdi. Itga murabbiylardan biri ham qo‘shilib, hayvonlarni futbolchilardan uzoqlashtirishga urindi.
Ma’lumot uchun, maydonga taxminan 11–15 bosh sigir kirib kelgan. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan, hayvonlar maydondan chiqarilgach esa uchrashuv davom ettirilgan.