locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Shomurodov uchun kutilmagan xaridor paydo bo‘ldi

O‘zbekiston terma jamoasi sardoriga Turkiyaning siyosiy qo‘llovga ega klubi qiziqish bildirmoqda
Futbol 19 iyn 2025 da 05:33
Bakradze Iman
Bakradze Iman
Redaktor
Rasm: gettyimages.com

Avvalroq Eldor Shomurodovning Italiyaning “Roma” klubidagi kelajagi haqida xabar bergandik. Bir yillik shartnomaga ega bo‘lgan hujumchi rimliklar bilan kelishuvni uzaytirishdan ko‘ra, jamoani tark etishiga yaqinroq turibdi. Qator ommaviy axborot vositalari ma’lum qilishicha, Shomurodovga AQSH klublari qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, arab mamlakatlari jamoalaridan ham takliflar mavjud.

Bugun esa Eldor uchun kutilmagan xaridor paydo bo‘ldi — Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubi futbolchining vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda turk futbol insayderi, jurnalist Yagiz Sabunjog‘lu xabar tarqatdi.

“Istanbul Bashakshehir” Turkiyada hukumat qo‘lloviga ega siyosiylashgan klub sifatida tanilgan. Shunga qaramasdan, jamoa joriy mavsum Turkiya chempionatida faqatgina 5-o‘rinni egalladi. Agar Shomurodov ushbu jamoaga o‘tsa, u klub tarixidagi eng qimmat futbolchilardan biriga aylanadi.

Aytish joizki, Turkiya chempionati so‘nggi paytlarda yanada qiziqarli tus olmoqda. Yaqinda “Galatasaray” Germaniya termasi va “Bavariya”da o‘ynagan Leroy Saneni o‘z safiga qo‘shib oldi. Bundan tashqari, ligada mashhur murabbiy Joze Mourino va gol urishi bo‘yicha yetakchilardan biri Viktor Osimhen ham faoliyat olib bormoqda. Yaqin orada ular safiga “Barselona” darvozaboni Mark-Andre ter Stegen ham qo‘shilishi mumkin.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting