Shohruxbek Abdurahmonov: «Bunday bellashuvlar futbolchilarga o‘zgacha motivatsiya beradi»
O‘zbekiston Superligasining 24-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning 27 yoshli tajribali yarim himoyachisi Shohruxbek Abdurahmonov bo‘lajak bellashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Navbahor” va “Paxtakor” Superliganing muntazam ishtirokchilari hamda sovrindor jamoalari hisoblanadi.Shu bois,mazkur klublar prinsipial raqib hamda ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar doimo shiddatli va keskin kurashlar ostida kechgan. Albatta, bu safargi bahs ham bundan mustasno bo‘lmaydi va o‘yin kurashlarga boy tarzda kechadi, degan umiddaman.Boisi,bunday bellashuvlar futbolchilarga o‘zgacha motivatsiya beradi hamda maydonda barcha imkoniyatimizni ishga solish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
Bundan tashqari, jamoalar turnir jadvalida qo‘shni bo‘lgani, poytaxtliklar chempionlik, “Navbahor” esa sovrindorlar safidan o‘rin olish uchun kurash olib borayotgani bois,bo‘lajak uchrashuvning tomoshabop kechishi ehtimoli yuqori.
Biz ham mazkur o‘yinda maydonga boshqacha ruh hamda ishtiyoqda tushib, g‘alaba qozonib, muxlislarga quvonch ulashishga harakat qilamiz hamda buni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Ishqibozlardan esa jamoamizni bevosita stadionda munosib tarzda qo‘llab-quvvatlab, g‘alabamizga madadkor bo‘lishlarini so‘rab qolaman” - dedi Shohruxbek Abdurahmonov.