Shmitser Virtsning «Liverpul»dan ketishiga qarshi
«Liverpul»ning sobiq futbolchisi Vladimir Shmitser jamoa yarim himoyachisi Florian Virtsning kelajagi haqida fikr bildirdi.
«Virtsning o‘zi qanday fikrda ekanini bilish muhim. U bu yerda o‘zini baxtli his qilayotganini bilmayman, ammo u hali ham o‘z salohiyatini to‘liq namoyon qilib, «Liverpul»da muvaffaqiyat qozonishi mumkinligiga ishonaman.
U hali juda yosh va men uning klubda yana bir necha yil qolishini istardim. Hozircha men uni na «Bavariya»ga, na boshqa klubga sotgan bo‘lardim», — dedi Shmitser Grosvenor Sport bilan suhbatda.
Mutaxassisning fikricha, Virtsga nisbatan odamlarning kutishlari juda yuqori. Bunga futbolchi uchun juda katta summa to‘langani sabab bo‘lmoqda.
Shmitser bu vaziyatni Pol Pogbaning «Manchester Yunayted»dagi davri bilan taqqosladi. Uning ta’kidlashicha, katta transfer summasi futbolchiga nisbatan bosim va kutishlarni ham oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, «Liverpul» 2025-yilda Virtsni 125 million yevro evaziga xarid qilgan. 23 yoshli yarim himoyachi joriy mavsumda barcha musobaqalarda 6 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta golli uzatma qayd etdi.