Shiringina «Everton»: Nima uchun ularni «irislar» deb atashadi?
Shiringina «Everton»: Nima uchun ularni «irislar» deb atashadi?
Bugungi kunda biz «Everton»ni Angliyada chempionlik titullari soni bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadigan (9 marta chempion bo‘lgan) tarixiy klub sifatida bilamiz. Ularning rasmiy laqabi — «ko‘klar», lekin ko‘pincha jamoani «irislar» (iris konfetlari) deb atashadi. Angliyaning grand klublaridan biri uchun biroz g‘alati tuyulishi mumkin, ammo bu nomning tarixi juda ta’sirli.
Bu nomning ortida hech qanday yashirin ma’no yo‘q, hammasi oddiy. Tarix «Ye Anciente Everton Toffee House» (yoki shunchaki «Everton Toffi») qandolat do‘konidan boshlanadi. Do‘koncha «Everton» o‘z faoliyatini boshlagan «Enfild» stadioni yaqinida joylashgan edi. Dastlab «Sent-Domingo» deb atalgan, keyinchalik «Everton»ga aylangan klub muxlislari stadionga ketayotib, shu do‘kondan shirinliklar xarid qilishni odatga aylantirishgan. Birorta ham muxlis bu shirinliklarsiz stadionga kirmas edi.
Bu an’ana 1892 yilgacha, ya’ni «Everton» «Enfild»dan «Gudison Park»ka ko‘chib o‘tguniga qadar davom etdi. Mashhur irislardan uzoqlashish muxlislar uchun haqiqiy zarba bo‘ldi. Shundan so‘ng shirinliklar uchun o‘ziga xos kurash boshlandi: «Enfild» yaqinida yangi «Mother Noblett's Toffee Shop» do‘koni ochildi. Uddaburon tadbirkorlar g‘oyani ko‘chirib, oq shakarli yo‘l-yo‘l shakldagi yangi konfetlarni ishlab chiqarishdi (bu konfetlar haligacha «Everton» muxlislari orasida mashhur).
Biroq, mashhur irislarning asl retseptini yaratgan Molli Bushell bunga jim qarab turolmadi. U «Gudison Park» stadionining ichida o‘z konfetlarini rasman sotish huquqini qo‘lga kiritdi va shundan beri bu shirinlik «Everton»ning ajralmas qismiga aylandi.
Zamonaviy an’ana
Bugungi kunda «Everton»ning har bir uy o‘yinida — o‘yindan oldin, tanaffusda va undan keyin stadiondagi muxlislarga bepul iris konfetlari tarqatiladi. Buning uchun yosh qiz muxlisa tanlab olinadi, unga uzun ko‘k ko‘ylak va oq shlyapa kiydiriladi. Uning qo‘lida «Everton» konfetlari solingan savatcha bo‘ladi. Bu an’ana 18-asr oxirida «Everton» irislari retseptini yaratgan o‘sha mashhur «irislar xonimi» — Molli Bushellga bag‘ishlangan.
Aytishlaricha, hatto qirolicha Viktoriya va mashhur yozuvchi Charlz Dikkens ham aynan uning irislarini tatib ko‘rish uchun maxsus Evertonga (Liverpul shahrining bir qismi) tashrif buyurishgan ekan!