Shimoliy London derbisi 4:1 hisobida «kanonirlar» foydasiga hal boʻldi.
«Arsenal» himoyachisi Gabriel Magalyays Angliya Premyer-ligasining 27-turidan o‘rin olgan «Tottenhem»ga qarshi bahsdagi (4:1) yirik g‘alabadan so‘ng, raqib jamoani ijtimoiy tarmoqlar orqali mazax qildi.
Braziliyalik futbolchi o‘z sahifasiga uchrashuvning «eng yaxshi futbolchisi» sovrini va bir dasta o‘yin qartalari aks etgan suratni joylashtirdi. Qartalardan biri kameraga qaratilgan bo‘lib, undagi raqam «Arsenal»ning «Tottenhem» darvozasiga urgan gollari soniga ishora qilgan.

Ushbu post «kanonirlar» muxlislari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Jamoa sardori Deklan Rays boshchiligidagi futbolchilar ham Gabrielning ushbu «trolling»iga quvnoq munosabat bildirishdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng «Arsenal» 28 ta o‘yindan 61 ochko jamg‘argan holda APL peshqadami bo‘lib turibdi. «Tottenhem» esa bitta zaxira o‘yiniga ega bo‘lsa-da, 29 ochko bilan turnir jadvalining xavfli hududga yaqin bo‘lgan 16-pog‘onasidan joy olgan.