«Shaxtyor» — 16 karra Ukraina chempioni
Donetskning «Shaxtyor» jamoasi Ukraina Premyer-ligasining 27-turi doirasida «Poltava» ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z tarixida 16-bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar tarkibida yarim himoyachi Isake dubl qayd etgan bo‘lsa (55 va 61-daqiqalar), yana bir yarim himoyachi Dmitriy Kriskiy (45+3-daqiqa) va hujumchi Lassina Traore (67-daqiqa) ham o‘z hisobiga bittadan gol yozdirib qo‘ydi.
Ukraina chempionatining 27 turidan so‘ng «Shaxtyor» 66 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rindagi «Polese» jamoasi hisobida 55 ochko mavjud. Shu tariqa, chempionat yakunlanishiga uch tur qolganida «konchilar» ta’qibchilari uchun yetib bo‘lmas darajaga ko‘tarilishdi.
Ma’lumot uchun, «Shaxtyor» oxirgi to‘rt mavsumda uchinchi bor, o‘z tarixida esa 16-marta Ukraina taxtiga o‘tirdi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha milliy rekord 17 ta chempionlikka ega bo‘lgan Kiyevning «Dinamo» jamoasiga tegishli.