Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi stadion atrofida ko‘ngilochar maskanlar tashkil etishni topshirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda qurilayotgan 55 ming o‘rinli futbol stadioni atrofida zamonaviy ko‘ngilochar va xizmat ko‘rsatish maskanlarini tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, davlat rahbari stadion nafaqat futbol musobaqalarini o‘tkazish, balki muxlislar va tashrif buyuruvchilarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun ham qulay bo‘lishi lozimligini qayd etgan. Shu maqsadda mehmonxonalar, kafe, restoranlar va ko‘ngilochar maskanlarga bo‘lgan ehtiyojni aniq hisoblab chiqish vazifasi qo‘yilgan.
“Ushbu stadionga ko‘ngilochar maskanlar zarur! Ular bo‘lmasa, stadion faqat futbolchilarga kerak. Lekin kelgan mehmonlarga ko‘ngilochar narsalar kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Yangi Toshkentda barpo etilayotgan 55 ming o‘rinli stadion FIFA talablariga muvofiq qurilmoqda. Mazkur arena 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladigan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy stadionlaridan biri bo‘lishi rejalashtirilgan.