«Shalke-04» Loris Karius bilan shartnomani uzaytirdi
Gelzenkirxenning «Shalke-04» klubi oʻz rasmiy saytida darvozabon Loris Karius bilan shartnoma uzaytirilganini eʼlon qildi. Futbolchining «konchilar» bilan tuzgan yangi mehnat shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar moʻljallangan.
«Oʻtgan mavsum biz bir jamoa boʻlib, jipslashgan va bor eʼtiborimizni qaratgan holda harakat qilsak, nimalarga qodir ekanligimizni koʻrsatib berdi. Aynan shu sababli ham men shartnomani uzaytirish borasida qatʼiy qarorga keldim. Yangi mavsumni va Bundesligaga qaytishni intiqlik bilan kutyapman», — deya Kariusning soʻzlarini keltirmoqda nemis klubi rasmiy sayti.
Loris Karius 2025 yilning yanvar oyidan buyon «Shalke-04» sharafini himoya qilib kelmoqda. Oʻtgan mavsumda u klub miqyosida 31 ta oʻyinda maydonga tushib, 13 ta uchrashuvda oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Yakunlangan mavsum natijalariga koʻra, jamoa Bundesligaga yoʻllanma oldi.