Sesk Fabregas «Chelsi» bosh murabbiyiga aylanishi mumkin — manba
«Komo» bosh murabbiyi Sesk Fabregas Londonning «Chelsi» klubida ingliz mutaxassisi Liam Rosenyorning o‘rnini egallashi mumkin. TEAMtalk nashrining xabar berishicha, agar klub rahbariyati mavsum yakunida amaldagi murabbiy bilan xayrlashishga qaror qilsa, ispaniyalik mutaxassis asosiy nomzodlardan biri bo‘ladi.
Fabregasning to‘p nazoratiga asoslangan ilg‘or o‘yin uslubi va yosh iqtidorlarni kashf etishdagi muvaffaqiyatlari londonliklar e’tiborini tortgan.
Manbaga ko‘ra, 2025 yilning yanvarida tayinlangan va 2032 yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnomaga ega bo‘lgan Rosenyor hozircha rahbariyat qo‘lloviga ega. Klub mutasaddilari unga o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun vaqt berilishini ta’kidlashmoqda.
Biroq, agar jamoa 2026/2027 yilgi mavsum uchun Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmasa, murabbiy almashishi ehtimoli yuqori.