Sesk Fabregas A Seriyaning 2025/26-yilgi mavsumdagi eng yaxshi murabbiyi deb topildi
“Komo” bosh murabbiyi Sesk Fabregas Italiya futbolchilari assotsiatsiyasi (AIC) talqiniga ko‘ra, 2025/26-yilgi A Seriyaning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. G‘olib futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish natijasida aniqlangan. Taqdirlash marosimi Milan shahridagi mashhur “La Skala” teatrida bo‘lib o‘tdi.
39 yoshli ispaniyalik mutaxassis o‘tgan mavsum “Komo” bilan tarixiy natijaga erishdi. Jamoa 38 turda 71 ochko jamg‘arib, A Seriyani 4-o‘rinda yakunladi va klub tarixida ilk bor UEFA Chempionlar ligasiga yo‘llanma oldi.
Fabregas “Komo”ni 2024-yildan buyon boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida jamoa qisqa vaqt ichida Italiya futbolidagi eng e’tiborli loyihalardan biriga aylandi. Murabbiyning pressing, to‘p nazorati va vertikal hujumlarga asoslangan uslubi mutaxassislar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Ma’lumot uchun, AICning 2026-yilgi taqdirlash marosimida “Inter” yilning eng yaxshi klubi, Federiko Dimarko esa A Seriyaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.