Serxio Buskets \"Barselona\"da murabbiylik faoliyatini boshlashi mumkin
"Barselona"ning sobiq yarim himoyachisi Serxio Buskets Kataloniya klubiga murabbiy sifatida qaytishi mumkin. U klubning ikkinchi jamoasida Juliano Belletti boshchiligidagi murabbiylar shtabiga qo‘shilishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "Barselona" rahbariyati Busketsning qaytishiga ijobiy munosabatda. Hozircha uning murabbiylik litsenziyasi yo‘q, ammo bu klubning sobiq futbolchini shtabga jalb qilish rejasiga to‘sqinlik qilmayapti.
Buskets "Barselona" safida 15 mavsum o‘tkazgan va klub bilan 30 dan ortiq sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Keyinchalik u "Inter Mayami"da faoliyatini davom ettirib, futbolchilik faoliyatini yakunlagan.
Endilikda 2010-yilgi jahon chempioni o‘zi uchun yangi bosqichni boshlashi va murabbiy sifatida yana "Barselona" tizimiga qaytishi mumkin.