Serbiya Superligasida murabbiy o‘yin vaqtida vafot etdi
3 noyabr kuni Serbiyaning “Radnichki 1923” jamoasi bosh murabbiyi, 44 yoshli bosniyalik mutaxassis Mladen Jijovich milliy chempionat doirasidagi “Mladost Luchani”ga qarshi o‘yin davomida yurak xurujidan vafot etdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Serbiya Superligasining 14-tur “Radnichki 1923” va “Mladost Luchani” uchrashuvining 21-daqiqasida Mladen Jijovich o‘zini yomon his qila boshlagan va zaxira o‘rindig‘i yonida hushini yo‘qotgan.
Unga darhol tibbiy yordam ko‘rsatildi, tez yordam mashinasi maydonga kirib kelib, murabbiyni shifoxonaga olib ketayotgan paytda Jijovich vafot etgan.
Jijovich joriy yilning 23 oktyabr kunidan “Radnichki 1923” jamoasini boshqara boshlagan va uning qo‘l ostida jamoa atigi ikki uchrashuv o‘tkazishga ulgurgan edi. Ulardan biri g‘alaba, biri esa mag‘lubiyat bilan yakunlangan.