\"Seltik\" Chempionlar ligasida porlagan Kasper Hyogni o‘z safiga qo‘shmoqda
Shotlandiyaning "Seltik" klubi Norvegiyaning "Budo/Glimt" jamoasi hujumchisi Kasper Hyog transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Sky Sports xabariga ko‘ra, tomonlar klub tarixidagi rekord darajadagi transfer summasi bo‘yicha kelishib olgan. 25 yoshli daniyalik futbolchi yaqin kunlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tib, uzoq muddatli shartnoma imzolashi kutilmoqda.
Kasper Hyog so‘nggi mavsumlarda "Budo/Glimt" safida yuqori saviyada harakat qilib, ichki chempionat va Yevropa musobaqalarida sermahsul o‘yin namoyish etdi. U, ayniqsa, UEFA Chempionlar ligasidagi samarali ishtiroki orqali ko‘plab Yevropa klublarining e'tiborini tortgan edi.
Mazkur transfer "Seltik"ning hujum chizig‘ini kuchaytirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda. Klub rahbariyati Hyogni jamoani tark etgan Daizen Maedaning munosib o‘rinbosari sifatida ko‘rmoqda.