Sautgeyt murabbiylik faoliyatiga qaytish niyatida emas
Angliya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Garet Sautgeyt yaqin kelajakda Premyer Liga klublaridan birini boshqarish niyati yo‘qligini bildirdi. 56 yoshli mutaxassis futboldan uzoqlashgani va murabbiylik faoliyatiga qaytishga hozircha ehtiyoj sezmayotganini ma’lum qildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Sautgeyt 2025-yilgi Angliya kubogi finalidan buyon stadionda birorta uchrashuv tomosha qilmagan. Uning aytishicha, Angliya terma jamoasidagi so‘nggi yillarida hatto yirik g‘alabalar ham unga avvalgidek zavq bermay qo‘ygan.
Sobiq murabbiy hozirda boshqa sohalardagi faoliyatiga ko‘proq vaqt ajratmoqda. Xususan, u podkast loyihalari, hujjatli filmlar va yoshlar bilan bog‘liq tashabbuslarda ishtirok etmoqda. Sautgeyt futbol tashqarisidagi hayotidan mamnun ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Sautgeyt 2016–2024-yillarda Angliya milliy terma jamoasini boshqargan. Uning qo‘l ostida inglizlar ikki marta Yevropa chempionati finaliga chiqqan. Mutaxassis 2024-yilgi Yevropa chempionatidan keyin lavozimini tark etgan.