Saudiya Pro-ligasi. Ronaldusiz «An Nasr» oʻz maydonida «Al Ittihod»ni magʻlub etdi
Saudiya Arabistoni Pro-ligasining 21-turi doirasida markaziy bahs yakuniga yetdi. Ar-Riyoddagi «Al-Avval Park» stadionida kechgan uchrashuvda «An Nasr» hamda «Al Ittihod» jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishdi. Sloveniyalik hakam Slavko Vinshich boshqargan bahsda mezbonlar 2:0 hisobidagi g‘alabani tantana qilishdi.
Uchrashuvning 85-daqiqasida «An Nasr» yarimhimoyachisi Sadio Mane penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ochdi. O‘yinga qo‘shib berilgan 90+7-daqiqada esa Gabriel Anjelo «Al Ittihod» darvozasini ikkinchi bor ishg‘ol qilib, bahsga yakuniy nuqtani qo‘ydi.
E’tiborli jihati, «An Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu klub rahbariyatining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lgani sababli o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi. Avvalroq, agar klub maoshdan bo‘lgan qarzdorlikni to‘lab bersa, forvard maydonga tushishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng «An Nasr» 20 ta o‘yindan keyin 49 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. «Al Ittihod» esa 34 ochko bilan yettinchi pog‘onani band etgan.
Saudiya Pro-ligasi. 21-tur
«An Nasr» — «Al Ittihod» 2:0
Gollar: Mane (pen. 85), Anjelo (90+7).