Saudiya Pro-Ligasi Ronalduning o‘rniga «yangi qirol» qidirmoqda
Saudiya Arabistoni Pro-Ligasi kelayotgan yozda 41 yoshli hujumchi Krishtianu Ronaldu «An Nasr»ni tark etgan taqdirda, uning o‘rnini bosuvchi «yangi qirol»ni topishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda The i Paper nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, Pro-Liga rahbariyati chempionatning yangi bosh yulduzi sifatida «Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh yoki «Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Brunu Fernandeshni tanlashi mumkin.
Ta’kidlanishicha, ushbu yulduzlarning ehtimoliy transferi hamda yosh iqtidorli futbolchilarning jalb etilishi Ronalduning Saudiya Arabistonidan ketishidan so‘ng yuzaga keladigan bo‘shliqni to‘ldirishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, portugaliyalik forvard «An Nasr»ning so‘nggi ikki o‘yinida maydonga tushmadi. OAV xabarlariga ko‘ra, Ronaldu klub egalarining transfer siyosati va maoshdan bo‘lgan qarzdorliklar tufayli rahbariyatdan norozi bo‘lmoqda. Shu sababli, futbolchi yozda jamoani tark etishi mumkinligi haqidagi xabarlar ko‘paygan.