Saudiya klublari Salohga yiliga 170 million yevrolik shartnoma taklif qilmoqda
«Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh Saudiya Arabistonidagi klublar uchun eng muhim transfer nishonlaridan biri bo‘lib qolmoqda. TBR Football xabariga ko‘ra, 33 yoshli misrlik futbolchiga yiliga taxminan 150 million funt sterling (170 million yevro) miqdorida maosh taklif etilmoqda.
Manbaga ko‘ra, Salohga nafaqat ulkan moliyaviy shartnoma, balki kelajakda klubdagi ulushga ega bo‘lish huquqi hamda mamlakatning turizm elchisi maqomi ham taklif qilinmoqda.
Agar Saloh ushbu taklifni qabul qilsa, u «An Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu bilan bir darajadagi daromadga ega bo‘ladi. Portugaliyalik yulduzning yillik maoshi qariyb 175 million funt sterling (200 million yevro)ni tashkil etadi.
Joriy mavsumda Saloh barcha musobaqalar doirasida 13ta o‘yinda maydonga tushib, 4ta gol urdi va 3ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning «Liverpul» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 45 million yevroni tashkil etadi.