\"Sassuolo\" futbolchisi giyohvand modda iste'mol qilganlikda gumon qilinmoqda
Italiyaning "Sassuolo" klubi va Avstraliya terma jamoasi futbolchisi Kristian Volpato Sidney shahrida yo‘l harakati politsiyasi tomonidan to‘xtatilganidan so‘ng giyohvand modda iste'mol qilganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda The Sun, shuningdek, qator xalqaro nashrlar xabar berdi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 22 yoshli futbolchi bir kechada ikki marta tezlikni oshirgani uchun politsiya tomonidan to‘xtatilgan. Ikkinchi tekshiruv vaqtida o‘tkazilgan dastlabki og‘iz suyuqligi testi kokain izlarini ko‘rsatgan. Shundan so‘ng undan qo‘shimcha namuna olinib, yakuniy laboratoriya tekshiruviga yuborilgan.
Hozircha yakuniy tahlil natijalari e'lon qilinmagan. Shu bois Volpatoga nisbatan rasmiy ayblov qo‘yilgani yo‘q. Futbolchining haydovchilik guvohnomasi olti oyga vaqtincha to‘xtatilgan, o‘zi esa mustaqil tekshiruv topshirganini va uning natijasi manfiy chiqqanini bildirgan.
Avstraliya futbol federatsiyasi vaziyatdan xabardor ekanini ma'lum qilib, futbolchi bilan aloqada ekanini tasdiqladi. "Sassuolo" klubi esa hozircha ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot bermagan.