Sarri – «Atalanta» bosh murabbiyi (Romano)
“Latsio” bosh murabbiyi Maurizio Sarri “Atalanta”ga tayinlanishga yaqin. Bu haqda insayder Fabrizio Romano xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 67 yoshli italiyalik mutaxassis Bergamo klubi bilan shartnoma shartlarini allaqachon kelishib olgan va yaqin vaqt ichida rasmiy imzo chekish kutilmoqda.
Kutilishicha, Sarri jamoa bosh murabbiyi lavozimida Raffaele Palladino o‘rnini egallaydi. Palladino “Atalanta”ni 2025 yil noyabridan beri boshqarib kelayotgan edi. Uning qo‘l ostida bergamoliklar A Seriya mavsumini yettinchi o‘rinda yakunlashdi.
Avvalroq jurnalist Nicolo Schira ham tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar yakuniy bosqichga yetganini va murabbiy bilan 2029 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma tuzilishi mumkinligini xabar qilgan edi.
Bundan oldin OAVda Sarri “Napoli”ni boshqarishi mumkinligi va u neapolliklar bilan 2028 yilgacha shartnoma bo‘yicha ishlashga rozilik bergani haqida ham ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi.