«Santyago Bernabeu» NFL oʻyiniga mezbonlik qiladi
Madridning «Real» klubi Milliy futbol ligasi (NFL) bilan hamkorlik kelishuvini uzaytirdi. Unga ko‘ra, «qirollik klubi»ning muhtasham «Santyago Bernabeu» stadioni ushbu nufuzli musobaqaning yana bir uchrashuviga mezbonlik qiladi. Bu haqda COPE nashri jurnalisti Migel Anxel Dias o‘zining «X» (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Navbatdagi yirik o‘yin 2026 yilning oktyabr yoki noyabr oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 16 noyabr kuni «Santyago Bernabeu» stadioni o‘z tarixida ilk bor NFL o‘yinini qabul qilgan edi. O‘shanda Madrid maydonida «Vashington Kommanders» hamda «Mayami Dolfins» jamoalari to‘qnash kelishgandi.
Shuningdek, «qaymoqranglilar»ning ichki chempionatdagi holatiga nazar tashlasak, Ispaniya La Ligasining 21-turidan so‘ng madridliklar 51 ochko jamg‘argan holda, turnir jadvalida hozircha ikkinchi o‘rinda bormoqdalar.