«Santos» oʻz maydonida yirik hisobdagi gʻalabani qoʻlga kiritdi, Neymardan gol va assist
Braziliya chempionatining 36-turida «Santos» o‘z maydonida «Sport Recife»ni qabul qildi va 3:0 hisobida gʻalaba qozondi. «Vila Belmiro»dagi bellashuv boshidan oxirigacha mezbonlar ustunligida o‘tdi.
Hisob 25-daqiqada ochildi — Neymar jamoasini oldinga olib chiqqan golni urdi. Tanaffus arafasida esa mehmonlar himoyachisi Lukas Kal noqulay harakat qilib, to‘pni o‘z darvozasiga yo‘lladi va natija 2:0 bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda Joau Shmidt Neymarning burchak zarbasidan keyin to‘pni darvozaga kiritib, uchinchi gol muallifiga aylandi.
E’tiborlisi, 33 yoshli Neymar bir necha kun avval «Mirasol»ga qarshi o‘yinning oxirida jarohat olgan va mavsumni erta yakunlab qo‘yishi ham mumkin edi. Shunga qaramay, tajribali hujumchi murakkab pallada jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun maydonga tushdi va g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shdi.
Mazkur natijadan so‘ng «Santos» ochkolarini 41 taga yetkazib, turnir jadvalida 15-o‘ringa ko‘tarildi. Ammo xavf hanuz bor — tushib ketish zonasidagi «Vitoria» (39 ochko) bir o‘yin kam o‘tkazgan.