«Santos» Neymarni Jahon chempionatiga tayyorlash rejasini ishlab chiqdi
Braziliyaning «Santos» klubi o‘z yetakchisi Neymar xizmatidan maksimal darajada foydalanish va uni JCh-2026 turniriga eng yaxshi sport formasida olib borish strategiyasini ishlab chiqdi. Bu haqda Globo nashri xabar bermoqda.
Katta turnir boshlangunga qadar jamoa jami 14 ta uchrashuvda maydonga tushadi. Klub rahbariyati hujumchini ushbu o‘yinlarning 13 tasiga jalb etishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, futbolchining jismoniy holati doimiy nazoratda bo‘ladi.
Yagona istisno sifatida «Santos»ning kelayotgan chorshanba kuni Janubiy Amerika kubogi doirasida «Deportivo Kuenka»ga qarshi o‘tkazadigan bahsi ko‘rsatilgan. Qolgan uchrashuvlarda Neymarning ishtiroki individual tarzda baholanadi va asosan muhim o‘yinlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Manbaning qo‘shimcha qilishicha, braziliyalik yulduz ayni paytda kuniga ikki mahaldan kuchaytirilgan tartibda mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Neymarning asosiy maqsadi — bo‘lajak Jahon chempionatida munosib ishtirok etish.