«Santos» futbolchilarga maosh to‘lay olmayapti
Braziliyaning "Santos" klubi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli asosiy jamoa futbolchilariga iyun oyi uchun maoshlarni o‘z vaqtida to‘lay olmadi. Bu haqda Globo xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, klubda to‘lovlarni amalga oshirish uchun yetarli mablag‘ bo‘lmagan va hozirda rahbariyat vaziyatni bartaraf etish ustida ish olib bormoqda.
Bundan tashqari, "Santos" futbolchilar oldida ikki oylik imidj huquqlari bo‘yicha to‘lovlardan ham qarzdor hisoblanadi. Bu muammo joriy yil davomida ilk bor yuzaga kelayotgani yo‘q.
Xabarda qayd etilishicha, klubning umumiy qarzi 1 milliard realdan oshib ketgan.
Shu bilan birga, klubning boshqa xodimlari, yoshlar jamoasi va ayollar jamoasi a’zolariga ish haqi o‘z vaqtida to‘langan.
Moliyaviy muammolarga qaramasdan, "Santos" futbolchilari "Korol Pele" mashg‘ulot bazasida yig‘inlarni davom ettirmoqda va Braziliya chempionatidagi "Botafogo"ga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda.