“San-Siro” stadioni 100 yoshga to‘ldi
Italiyaning eng mashhur futbol arenalaridan biri — “San-Siro” stadioni bugun, 19-sentabr kuni 100 yilligini nishonlamoqda. Milan shahridagi stadion 1926-yil 19-sentabrda rasman ochilgan va o‘sha kundan buyon jahon futbolining eng ramziy arenalaridan biriga aylangan. “Inter” va “Milan” klublari yubiley munosabati bilan maxsus materiallar e’lon qildi.
Stadionning ochilish uchrashuvida “Milan” va “Inter” o‘zaro to‘qnash kelgan. Tarixiy derbi “Inter”ning 6:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Arenani qurish tashabbusi o‘sha paytdagi “Milan” prezidenti Pyero Pirelliga tegishli bo‘lib, dastlab stadion aynan “rossonerilar”ning uy maydoni sifatida barpo etilgan.
Keyinchalik “Inter” ham “San-Siro”dan uy stadioni sifatida foydalana boshladi. Arena yillar davomida bir necha bor kengaytirildi va rekonstruksiya qilindi. Bu yerda jahon chempionatlari, Yevrokuboklarning tarixiy uchrashuvlari, Milan derbilari, shuningdek, yirik konsert va xalqaro tadbirlar o‘tkazilgan.
Ma’lumot uchun, stadionning rasmiy nomi “Stadio Giuseppe Meazza” bo‘lsa-da, futbol olamida u hamon “San-Siro” nomi bilan mashhur. 100 yil davomida arena “Milan” va “Inter” tarixidagi ko‘plab unutilmas voqealarga mezbonlik qilgan.