“San-Paulu”ning 19 yoshli futbolchisi halokatli YTH bo‘yicha tergov qilinmoqda
Braziliyaning “San-Paulu” klubi chap qanot himoyachisi Nikolas Bosshardt Barueri shahrida yuz bergan yo‘l-transport hodisasiga aloqador bo‘lib qoldi. 19 yoshli futbolchi boshqaruvidagi avtomobil yo‘lni kesib o‘tayotgan 84 yoshli erkakni urib yuborgan. Jabrlanuvchi hodisa oqibatida vafot etgan.
Hodisa ortidan Bosshardt vaqtincha qo‘lga olingan, biroq sud majlisidan keyin tergov davomida ozodlikda qolish huquqini olgan. “San-Paulu” bayonotiga ko‘ra, futbolchi voqea joyini tark etmagan, tez yordam xizmatini chaqirgan va keyinchalik politsiya bo‘limiga borib ko‘rsatma bergan. Tekshiruv uning spirtli ichimlik iste’mol qilmaganini hamda haydovchilik guvohnomasi amalda bo‘lganini ko‘rsatgan.
Politsiya hodisadan oldin futbolchi noqonuniy avtomobil poygasida qatnashgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ham tekshirmoqda. Guvohlardan biri avtomobillar katta tezlikda harakatlanganini bildirgan. Biroq Bosshardt bu ayblovni rad etib, mashinani taxminan soatiga 50 kilometr tezlikda boshqarganini ma’lum qilgan.
“San-Paulu” marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirib, klubning yuridik bo‘limi ishning borishini kuzatib borishini ma’lum qildi. Bosshardt klub akademiyasining istiqbolli tarbiyalanuvchilaridan biri hisoblanadi. Hodisaning futbolchining keyingi faoliyatiga qanday ta’sir qilishi tergov va sud jarayoni yakunlariga bog‘liq bo‘ladi.