Samvel Babayan: Afsuski, raqib murabbiyi tomonidan futbolchilariga keskin oʻynash boʻyicha koʻrsatmalar berilgan va bunday harakatlar notoʻgʻri
Andijon bosh murabbiyi Samvel Babayan kecha “Shaxtyor”ga qarshi boʻlib oʻtgan, ammo yakuniga yetmay qolgan bahs borasida klub matbuot xizmatiga shunday dedi:
“Oʻrtoqlik oʻyini mavsumga tayyorgarlik koʻrish, oʻyinni tashkil qilish, futbolchilarni tayyorgarligini bilish maqsadida oʻtkaziladi. Birinchi navbatda chempionat davomida oʻyinchilar sogʻ-salomat, jismonan baquvvat holatda oʻynashlari uchun tayyorgarlik jarayonlari olib boriladi. Yaʼni, qishki yigʻindagi barcha eʼtibor mavsumga qaratiladi.
Afsuski, raqib murabbiyi tomonidan futbolchilariga keskin oʻynash boʻyicha koʻrsatmalar berilgan va bunday harakatlar notoʻgʻri. Raqib murabbiyini koʻrsatmasi futbolchilarimizning jiddiy jarohat olishlariga sabab boʻldi. “Shaxtyor” oʻyinchilarini juda qoʻpol harakatlari natijasida ikki futbolchimiz jarohat oldi. Futbolda ruxsat etilmagan bunday holatlarga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Bu futbol qonun-qoidalariga ham toʻgʻri kelmaydi. Doim feyr-pley tamoyiliga amal qilish kerak.
Yaxshihamki, oʻynchilarimizni holati yaxshi. Rahbariyat, tibbiyot xodimlar shtabi kechasi bilan oʻyinchilarimizning holatini nazorat qildik, tekshiruvlar oʻtkazdik va kerakli ishlarni amalga oshirdik. Xudoga shukrki, ularni ahvoli yaxshi. Abdulvohid Gʻulomov operatsiya qilindi. Abdurahmon Komilovni holati qoniqarli. Tez kunlarda ularni sogʻayib ketishiga ishonch bildiraman. Tayyorgarligimizni keyingi jarayonida jamoamiz bilan bunday muammoli holatlar yuzaga kelmaydi, deb umid qilaman”, - deydi Samvel Vyacheslavovich.