“Sampdoriya” 80 yilligini 450 ta dron ishtirokidagi shou bilan nishonlaydi
Italiyaning “Sampdoriya” klubi tashkil topganining 80 yilligi munosabati bilan maxsus bayram dasturini o‘tkazadi. Klub matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tadbirning asosiy qismi 450 ta dron ishtirokidagi yorug‘lik shousidan iborat bo‘ladi. Marosim 12-avgust kuni — klub tashkil topgan sanada o‘tkaziladi.
Genuya klubining eng muvaffaqiyatli davri 1980-yillarning ikkinchi yarmi va 1990-yillarning boshlariga to‘g‘ri keladi. “Sampdoriya” ushbu davrda Italiya chempionligini qo‘lga kiritgan va ikki marta Yevropa turnirlari finaliga qadar yetib borgan. Har ikki finalda ham jamoa “Barselona”ga imkoniyatni boy bergan.
So‘nggi yillarda esa klub murakkab davrni boshdan kechirmoqda. “Sampdoriya” 2023-yilda Italiya oliy divizionini tark etgan va hozirgacha A Seriyaga qayta olmagan. Shunga qaramay, klub o‘zining 80 yillik yubileyini muxlislar uchun katta va zamonaviy shou bilan nishonlashni rejalashtirgan.