Salohning agenti: «Muhammad kelasi mavsumda qayerda o‘ynashini hech kim bilmaydi»
«Liverpul» hujumchisi Muhammad Salohning manfaatlarini himoya qiluvchi agent Rami Abbos 33 yoshli futbolchining kelajagi borasidagi savollarga javob berdi.
Eslatib o‘tamiz, seshanba, 24 mart kuni Saloh joriy mavsum yakunida klubni tark etishini rasman e’lon qilgan edi.
«Muhammad kelasi mavsumda qayerda o‘ynashini hali o‘zimiz ham bilmaymiz. Bu shuni anglatadiki, bizdan boshqa hech kim buni aniq ayta olmaydi», — deya Abbosning so‘zlarini keltirmoqda insayder Fabritsio Romano.
Saloh 2017 yildan buyon «Liverpul» sharafini himoya qilib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida hujumchi barcha turnirlar doirasida 435 ta o‘yinda maydonga tushib, 255 ta gol va 122 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan bo‘lsa-da, u jamoani muddatidan avval tark etadigan bo‘ldi.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, misrlik yulduzning hozirgi bozor qiymati 30 million yevroni tashkil etadi.