Saloh «Liverpul»ni mavsum oxirida erkin agent sifatida tark etadi — manba
«Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallanganiga qaramay, joriy mavsum yakunida klubni erkin agent sifatida tark etadi. Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, «mersisaydliklar» 33 yoshli futbolchi bilan amaldagi kelishuvni bekor qilish borasida o‘zaro kelishuvga erishgan. Bu holat 2024 yilda jamoani tark etgan sobiq bosh murabbiy Yurgen Klopp bilan bog‘liq vaziyatga o‘xshashdir. O‘shanda Kloppning ham klub bilan 2026 yilgacha shartnomasi bor edi, biroq tomonlar uni muddatidan avval to‘xtatishga qaror qilishgan.
Eslatib o‘tamiz, Saloh va «Liverpul» seshanba kuni, 24 martda o‘zaro hamkorlikni mavsum yakunida to‘xtatishlarini rasman e’lon qilishgan edi. Misrlik vinger 2017 yildan buyon jamoa sharafini himoya qilib kelmoqda.