Saloh «Galatasaroy»ga qarshi bahsda birdagina ikkita rekord oʻrnatishi mumkin
«Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh UEFA Chempionlar Ligasining 1/8 final bosqichi doirasida Turkiyaning «Galatasaroy» klubiga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda o‘z faoliyatidagi ikkita muhim rekordni yangilashi kutilmoqda.
33 yoshli misrlik futbolchi uchun ushbu bahs o‘ziga xos tarixiy ahamiyat kasb etadi. Hozirgi kunda Saloh «Liverpul» safida Chempionlar Ligasida 80 ta o‘yin o‘tkazgan. Navbatdagi uchrashuvda maydonga tushgan taqdirda, u jamoaning sobiq himoyachisi Jeymi Karragerga tegishli bo‘lgan rekordni ortda qoldirib, mazkur turnirda «Liverpul» tarixidagi eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchiga aylanadi.
Shuningdek, Muhammad Saloh yana bir nufuzli marra sari qadam tashlamoqda. Hozirgi kunga qadar Chempionlar Ligasida jami 49 ta gol urgan hujumchi, «Galatasaroy» darvozasini ishg‘ol qilgan taqdirda, ushbu turnir tarixida 50 ta gol kiritgan ilk afrikalik futbolchi sifatida tarixga kiradi.
Joriy mavsumda Saloh «Liverpul» safida barqaror o‘yin ko‘rsatib, barcha musobaqalarda 30 ta o‘yinda maydonga tushdi. U ushbu bahslarda 9 ta gol urish bilan birga, jamoadoshlariga 8 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, «Galatasaroy» va «Liverpul» o‘rtasidagi Chempionlar Ligasi 1/8 finalining dastlabki uchrashuvi 2026 yil 10 mart kuni Istanbuldagi «RAMS Park» stadionida bo‘lib o‘tadi.