Saliba JCH-2026ning dastlabki turini o‘tkazib yuborishi mumkin
Fransiya terma jamoasi himoyachisi William Saliba aniq belgilanmagan yengil jarohat tufayli jahon chempionati-2026'ning boshlanishini o‘tkazib yuborishi mumkin. Bu haqda Footmercato nashri xabar bermoqda.
Jarohat Chempionlar ligasi finalidan so‘ng yanada kuchaydi. Ushbu bellashuvda Londondagi "Arsenal" klubi Fransiyaning "PSJ" jamoasiga 1:1 (3:4 pen.) hisobida imkoniyatni boy berdi.
"Arsenal" safida to‘p suradigan Saliba o‘yinning barcha 120 daqiqasini maydonda o‘tkazdi va natijada uning ahvoli yomonlashdi.
Fransiyalik futbolchi bir necha haftani, jumladan, jahon chempionati-2026'ning boshlanishini ham o‘tkazib yuborishi mumkin. Unda Fransiya terma jamoasi guruh bosqichi doirasida Senegal (16 iyun), Iroq (23 iyun) va Norvegiya (26 iyun) bilan o‘ynashi kerak.