Rustam Ashurmatov debyuti kechikdi — jarohat tasdiqlandi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Rustam Ashurmatov yaqinda Eronning yetakchi jamoalaridan biri — “Istiqlol” klubiga o‘tgan edi. Ushbu transfer futbol ishqibozlari orasida katta qiziqish uyg‘otdi, chunki klub rahbariyati va murabbiylar shtabining undan umidi katta edi.
Biroq futbolda hamma narsa ham reja bo‘yicha ketaveradi, deb bo‘lmaydi. 17 iyul kuni Turkiyadagi yig‘in davomida Ashurmatov mashg‘ulot vaqtida jiddiy jarohat oldi. U o‘ng tizzasida og‘riq sezib, tibbiy yordam ko‘magida maydonni tark etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u darhol shifoxonaga olib ketilib, u yerda dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilib, MRT tekshiruvi o‘tkazilgan. “Istiqlol” klubi shifokori quyidagilarni ma’lum qildi:
“Payshanba kungi mashg‘ulotda Rustam Ashurmatov o‘ng tizzasidan jarohat oldi. Diagnozni aniqlash va to‘liq xulosa chiqarish uchun MRT o‘tkazildi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, uning to‘liq tiklanishi va mashg‘ulotlarga qaytishi kamida olti hafta vaqt talab etadi”, — dedi jamoa shifokori.