Rudi Garsiya Belgiya terma jamoasini tark etadi
Belgiya Qirollik futbol assotsiatsiyasi terma jamoa bosh murabbiyi Rudi Garsiya bilan hamkorlikni davom ettirmaslikka qaror qildi.
Tomonlar 2026-yil 31-iyulda yakunlanadigan shartnomani uzaytirmaydi. Shu tariqa, fransiyalik mutaxassis amaldagi kelishuv muddati tugagach, Belgiya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaydi.
Rudi Garsiya 2025-yil 1-fevral kuni Domeniko Tedesko o‘rniga Belgiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan edi. Uning qo‘l ostida belgiyaliklar UEFA Millatlar ligasining “A” divizionidagi o‘rnini saqlab qoldi hamda 2026-yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.
Belgiya terma jamoasi JCh-2026da chorak finalgacha yetib bordi. Ushbu bosqichda jamoa keyinchalik turnir g‘olibiga aylangan Ispaniyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Avvalroq Belgiya terma jamoasining yangi bosh murabbiyi lavozimiga Mark van Bommel asosiy nomzod sifatida ko‘rilayotgani haqida xabar berilgandi.