Rud Gullit: «Barselona» va «Real» hakamlardan norozi boʻlishga hech qanday asos yoʻq»
«Milan», «Chelsi» va Niderlandiya milliy jamoasining sobiq yarimhimoyachisi Rud Gullit «Barselona» hamda «Real» klublarining UEFA Chempionlar Ligasi doirasidagi uchrashuvlarda hakamlar qaroridan norozi bo‘lib qilgan shikoyatlariga munosabat bildirdi. Gullitning fikricha, klublarning noroziligi uchun jiddiy asoslar yo‘q.
«Ular doimiy ravishda norozilik bildirishadi, vaholanki, buning uchun yetarli asoslar mavjud emas. Ilgari har ikki jamoa ham hakamlar qarorlaridan foyda ko‘rgan — endi esa vaziyat teskarisiga o‘zgardi. Futbolning haqiqati shunday: buni qabul qilish qiyin bo‘lishi mumkin va men buni tushunaman.
Eduardu Kamavingaga qizil kartochka ko‘rsatish qarori biroz qattiqqo‘llikdek tuyuldi, biroq uning xatti-harakati ehtiyotsizlik edi — u amalda hakamni shunga majbur qildi. «Barselona»ning ikki nafar futbolchisiga ko‘rsatilgan qizil kartochkalarga kelsak, ular mutlaqo to‘g‘ri berilgan, ochiqchasiga aytganim uchun uzr so‘rayman», — deya Gullitning so‘zlarini keltirmoqda Marca nashri.
Eslatib o‘tamiz, «Real» yarimhimoyachisi Chempionlar ligasi 1/4 finalining «Bavariya»ga qarshi javob uchrashuvining 78-daqiqasida birinchi ogohlantirishini olgan edi. Sakkiz daqiqa o‘tib u hujumchi Garri Keynga nisbatan qo‘pollik ishlatdi va to‘pni qasddan qoidabuzarlik joyidan olib ketdi. Ushbu vaziyat uchun hakam unga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi va «Real» 86-daqiqada maydonda bir kishi kam bo‘lib qoldi.
«Barselona»ga kelsak, «Atletiko» bilan 1/4 final qarama-qarshiligida jamoaning ikki nafar futbolchisi — Pau Kubarsi va Erik Garsiya maydondan chetlatilgan edi.