Ronalduning fitness-brasleti uning biologik yoshi 29 yosh ekanini ko'rsatdi
Portugaliya futbolining afsonaviy yulduzi Krishtianu Ronaldu hozirgi jismoniy holati haqida so‘z yuritar ekan, yana kamida 10 yil futbol o‘ynashi mumkinligini aytdi. 40 yoshli “Al-Nasr” hujumchisi bu fikrni fitness-texnologiyalar sohasidagi Whoop kompaniyasi podkastida bildirdi. Ushbu kompaniya sog‘liqni monitoring qilishga ixtisoslashgan zamonaviy fitness-trekerlar ishlab chiqaradi.
Podkast davomida Ronaldu fiziologik holatiga oid ma’lumotlar tahlil qilindi — yurak urishi, ritmdagi o‘zgarishlar, tiklanish, yuklama va uyqu sifatidan iborat 140 dan ortiq ko‘rsatkich ko‘rib chiqildi. Whoop brasleti uning biologik yoshi 28,9 yosh ekanini aniqlagan.
“Bu natijaga o‘zim ham ishonmadim... 28,9 yosh! Demak, men yana 10 yil futbol o‘ynashim mumkin”, — dedi Whoop brendi ambasadori bo‘lgan Ronaldu.
Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, ushbu fitness-braslet professional sportchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, organizmning har tomonlama holatini aniq baholash imkonini beradi.