Ronalduning boykoti fonida «An Nasr» futbolchilari va murabbiyiga intervyu berish taqiqlandi
Saudiya matbuotining xabar berishicha, «An Nasr» rahbariyati Saudiya Pro-ligasi doirasidagi «Ar Riyod»ga qarshi bahsdan (1:0) oldin va keyin jamoa a’zolariga flesh-intervyu hududida ko‘rinish berishni taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda A Bola nashri ma’lum qilmoqda.
Jamoa bosh murabbiyi Jorje Jezus ham, futbolchilar ham o‘yin oldi va o‘yindan keyingi an’anaviy media-majburiyatlarni bajarishmadi. Portugaliyalik mutaxassis na o‘yin oldi flesh-intervyusida va na uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Xabarlarga ko‘ra, Jezus o‘yindan keyin izoh bera olmagani uchun uzr so‘rash bilan cheklangan.
Matbuot anjumanida qatnashishdan bosh tortgani uchun «An Nasr» ustozi 6,7 ming yevrodan ortiq miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.
Ushbu voqealar jamoa hujumchisi Krishtianu Ronalduning boykoti fonida yuz bermoqda. Portugaliyalik yulduz klub ishidan norozi bo‘lib, «Ar Riyod»ga qarshi bahsda maydonga tushishni rad etgan.