Ronaldu: “Men portugaliyalikman, ammo o‘zimni Saudiya Arabistonining bir qismi deb bilaman”
Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu mamlakatga bo‘lgan munosabati haqidagi so‘zlari bilan muxlislar e’tiborini tortdi. Portugaliyalik futbolchining bayonoti klubning “Neftchi”ga qarshi uchrashuvidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda yana e’lon qilindi. Bu haqda Gulf News nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “An-Nassr” 12-oktabr kuni Osiyo Chempionlar Ligasi Elit bosqichida Farg‘onaning “Neftchi” klubini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvda bitta gol urgan Ronaldu o‘yindan so‘ng Saudiya Arabistoni bayrog‘i tushirilgan sharfni yelkasiga tashlab, muxlislar bilan g‘alabani nishonladi. Shundan so‘ng klub portugaliyalik hujumchining “Men portugaliyalikman, ammo o‘zimni Saudiya Arabistonining bir qismi deb bilaman”, degan so‘zlarini e’lon qildi.
Aslida, Ronaldu ushbu fikrni 2025-yil iyun oyida “An-Nassr” bilan shartnomasini uzaytirganidan keyin bildirgan edi. Klub uning avvalgi bayonotini Saudiya Arabistoniga bo‘lgan munosabatini aks ettiruvchi surat bilan qayta ulashdi. Ronaldu mamlakatda o‘zini qulay his qilishi va uning rivojlanishiga hissa qo‘shishni istashini ham ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, 41 yoshli Krishtianu Ronaldu 2023-yil yanvar oyidan buyon “An-Nassr” safida to‘p surmoqda. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozigacha mo‘ljallangan. “Neftchi” darvozasiga urilgan gol portugaliyalik futbolchining faoliyatidagi 981-goli bo‘ldi. Endi unga 1000 ta gol marrasiga yetish uchun yana 19 ta gol kerak.