Ronaldu Instagram’dagi bitta reklama posti orqali qancha daromad oladi?
“Al-Nassr” hujumchisi Krishtianu Ronaldu ijtimoiy tarmoqlardagi reklama faoliyati orqali ham katta daromad oladi. The Touchline xabariga ko‘ra, portugaliyalik futbolchining Instagram’dagi bitta reklama posti qiymati qariyb 3,3 million yevroga baholanadi.
Ronaldu ayni paytda Instagram’da dunyodagi eng ko‘p obunachiga ega shaxs hisoblanadi. Uning sahifasini qariyb 680 million foydalanuvchi kuzatadi. Shunday katta auditoriya futbolchining reklama bozoridagi qiymatini oshirib, yirik kompaniyalar uchun uni eng talabgir sportchilardan biriga aylantirgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Ronaldu bitta reklama posti orqali ayrim professional futbolchilarning bir yillik maoshidan ham ko‘proq daromad olishi mumkin. Biroq reklama shartnomalarining tafsilotlari ochiq e’lon qilinmagani sababli 3,3 million yevrolik ko‘rsatkich taxminiy baho hisoblanadi va hamkorlik shartlariga qarab o‘zgarishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 41 yoshli Ronaldu “Al-Nassr”dagi maoshidan tashqari reklama va homiylik shartnomalari orqali ham katta daromad oladi. Portugaliyalik futbolchi yillar davomida dunyoning eng yuqori daromad topadigan sportchilari qatoridan joy olib kelmoqda.