Ronaldu Benzemaning «Al Hilol»ga oʻtishiga qarshi chiqdi
«An Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Al Ittihod» forvardi Karim Benzemaning «Al Hilol» safiga o‘tishi ehtimoliga keskin norozilik bildirdi. Bu haqda taniqli turk insayderi Yagiz Sabunchuoglu xabar berdi.
Portugaliyalik yulduzning fikricha, Benzemaning «Al Hilol»ga o‘tishi ligadagi halol raqobatga (fair play) jiddiy zarar yetkazadi. Ronaldu allaqachon kuchli bo‘lgan «Al Hilol»ning yana bir top-yulduz bilan kuchayishi chempionatdagi muvozanatni butunlay buzishidan xavotirda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya chempioni «Al Hilol» Benzemaning transferi bo‘yicha harakat boshlagani, «Al Ittihod» esa o‘z yulduzi uchun kamida 25 million yevro talab qilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Karim Benzema joriy mavsumda «Al Ittihod» safida 21 ta o‘yinda maydonga tushib, 16 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Uning Transfermarktdagi narxi 6 million yevroga baholanmoqda.