Ronaldu «An Nasr» oʻyinlarini boykot qilishga qaror qildi
«An Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu klubdagi hozirgi holatdan mutlaqo norozi va maydonga tushishni istamayapti. Bu haqda Portugaliyaning nufuzli A Bola nashri xabar tarqatdi.
Manbaning yozishicha, Ronaldu «An Nasr»ning «Ar-Riyod»ga qarshi kechadigan navbatdagi uchrashuvini o‘tkazib yubormoqchi.
Krishtianuning g‘azabiga Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasining (PIF) klubni boshqarish uslubi sabab bo‘lgan. Futbolchi «An Nasr»ga ajratilayotgan investitsiyalar miqdori yetarli emasligidan shikoyat qilmoqda.
Ronaldu klub rahbariyatining xatti-harakatlari jamoaga zarar keltirayotganiga ishonchi komil. Ayniqsa, u asosiy raqib — «Al Hilol»ning transfer bozoridagi faolligi va ularga yaratib berilayotgan sharoitlar fonida «An Nasr» e’tibordan chetda qolayotganidan norozi.
Eslatib o‘tamiz, Krishtianu Ronaldu 2023 yildan buyon Ar-Riyod klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning «An Nasr» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar imzolangan.