Ronaldo JCh-2026 finali oldidan: \"Ispaniya osonlikcha g‘alaba qozonadi\"
Braziliya terma jamoasining afsonaviy sobiq hujumchisi Ronaldo bugun, 19-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Ispaniya va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi Jahon chempionati final bahsi oldidan o‘z taxminlari bilan o‘rtoqlashdi va favorit nomini aytdi.
"Ispaniya g‘alaba qozonadi, hamda buni osonlikcha uddalaydi. Ular Fransiya bilan bir qatorda har doim bosh favorit bo‘lib kelishgan.
Ispaniya ajoyib futbol namoyish etmoqda. Bu ularning DNKsida bor. Ular bolalikdan buyon, ko‘p yillardan beri shu uslubda o‘ynashadi. Argentinaliklar ham ushbu Jahon chempionatida juda yaxshi qatnashishdi. Argentina — qiyinchiliklarni yengib o‘tish qobiliyatini va haqiqiy jangovarlik ruhini namoyish eta oladigan jamoa, biroq Ispaniyaning o‘yini juda yaxshi shakllangan. Ular har bir soniyada nima qilish kerakligini yaxshi bilishadi", — deya Ronaldoning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda TyC Sports nashri.
Eslatib o‘tamiz, yarim final bosqichida Ispaniya terma jamoasi Fransiyani 2:0 hisobida, Argentina esa Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etgan edi.
Argentina terma jamoasi amaldagi jahon chempioni hisoblanadi. 2022-yilgi dunyo birinchiligi finalida ular Fransiya bilan to‘qnash kelishgan va asosiy vaqt 3:3 hisobida yakunlangach, penaltilar seriyasida (4:2) argentinaliklarning qo‘li baland kelgan edi.