Ronaldinyo “Ravenna”ga yetib keldi va yangi klubdagi maqsadini aytdi
Braziliya futboli afsonasi Ronaldinyo Italiyaning “Ravenna” klubidagi yangi faoliyatini boshlash uchun shaharga yetib keldi. 46 yoshli sobiq futbolchi klub bilan iyun oyida kelishuvga erishgan va jamoa loyihasining bir qismiga aylangan. “Ravenna” ayni paytda Italiya C Seriyasida ishtirok etadi.
“Bu yerda, do‘stlarim yonida bo‘lganimdan juda xursandman. Jamoada hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilamiz. Men bu yerga yordam berish, boshqa futbolchilarni ruhlantirish, ajoyib mavsum o‘tkazish va g‘alaba qozonish uchun keldim”, — dedi Ronaldinyo. Uning aytishicha, do‘stlik va futbolga bo‘lgan ishtiyoq uni ushbu loyihaga qo‘shilishga undagan.
“Ravenna” prezidenti Inyatsio Chipriani Ronaldinyoning kelishi nafaqat jamoaga, balki butun shaharga katta qiziqish uyg‘otishini kutmoqda. Braziliyalik afsona klubga investor sifatida ham qo‘shilgan. U futbolchi sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, maydonga aynan qachon va nechta uchrashuvda tushishi hozircha aniq emas. Klub rahbariyati uni kamida bir marta maydonda ko‘rishga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Ronaldinyo so‘nggi professional uchrashuvini 2015-yilda Braziliyaning “Fluminense” klubi safida o‘tkazgan. U 2002-yilda Braziliya terma jamoasi bilan jahon chempioni bo‘lgan, 2005-yilda esa “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan. Endi 46 yoshli afsona “Ravenna” safida yana bir bor maydonga tushish imkoniyatini istisno qilmayapti.