Ronaldinyo: «Lamin Yamal — dunyoning eng yaxshilaridan biri, 10-raqam ishonchli qo‘llarda»
«Barselona» klubining sobiq hujumchisi, afsonaviy Ronaldinyo jamoaning 18 yoshli vingeri Lamin Yamalning ko‘rsatayotgan o‘yinlariga yuqori baho berdi.
Braziliyalik yulduz «Ole» nashriga bergan intervyusida yosh iqtidor egasining jamoadagi o‘rni va kataloniyaliklarning hozirgi holati haqida to‘xtalib o‘tdi.
«U dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Yosh bo‘lishiga qaramay, maydonda aql bovar qilmas sifatlarni namoyish etmoqda. Shunday ekan, 10-raqamli libos ishonchli qo‘llarda deb ayta olaman. «Barselona» hamon Yevropaning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lib qolmoqda va ulardan har doim o‘zgacha natijalar kutishadi», — deydi Ronaldinyo.
Lamin Yamal joriy mavsumda o‘zining sermahsulligi bilan barchani hayratda qoldirmoqda. 18 yoshli futbolchi klub safida barcha musobaqalarda jami 41 ta uchrashuvda maydonga tushib, «gol+pas» tizimida 36 ochko (21 ta gol va 15 ta samarali uzatma) jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, «Barselona» jamoasini oldinda o‘ta mas’uliyatli o‘yin kutib turibdi. 8 aprel kuni kataloniyaliklar o‘z maydonlarida Yevropa Chempionlar Ligasining chorak finali doirasida Madridning «Atletiko» klubini qabul qilishadi.