Ronald Arauxo JCh-2026 guruh bosqichidagi o‘yinlarni to‘liq o‘tkazib yuborishi mumkin
«Barselona» klubi va Urugvay terma jamoasi himoyachisi Ronald Arauxo katta ehtimol bilan JCh-2026 guruh bosqichining 3-turidan o‘rin olgan Ispaniyaga qarshi bahsda maydonga tusha olmaydi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda. Futbolchi joriy yilning 4-iyun kuni, terma jamoaning Meksikaning Mayakoba shahridagi mashg‘ulotlar bazasiga uchib ketishi arafasida boldir mushagidan mikrojarohat (yırtilish) olgan edi. Tiklanish jarayonini tezlashtirish maqsadida o‘yinchi hatto o‘zining ishonchli fizioterapevti Xoakin Xuan ko‘rigidan o‘tish uchun Madrid shahriga 10 soatlik ekspress-safar ham uyushtirdi.
Dastlab, markaziy himoyachining Saudiya Arabistoniga qarshi debyut uchrashuvni (1:1) hamda Mayamida bo‘lib o‘tadigan Kabo-Verdega qarshi 2-tur bahsini o‘tkazib yuborishi ma’lum edi. Biroq manbaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytdagi tiklanish sur’atlari Arauxoning Gvadalaxarada kechadigan Ispaniyaga qarshi hal qiluvchi uchrashuvda ham maydonga tushishini so‘roq ostida qoldirmoqda. Mazkur guruhda 1-tur o‘yinlaridan so‘ng qayd etilgan durang natijalar sababli ushbu uchrashuv har ikki jamoa uchun ham guruhdan chiqish masalasini belgilab berishi kutilmoqda.
Urugvay terma jamoasi tibbiy shtabi va murabbiylar shtabi guruh bosqichi doirasida markaziy himoyachining maydonga qaytishini jadallashtirish niyatida emas. Arauxo milliy jamoasiga faqat Urugvay pley-off bosqichiga yo‘llanma olgan taqdirdagina yordam bera olishi kutilmoqda. Ma’lumot uchun, 1/16 final bosqich uchrashuvlari joriy yilning 3-4 iyul kunlariga rejalashtirilgan.