Romero «Inter» bilan muzokaralarni to'xtatdi
'Tottenhem Hotspur' markaziy himoyachisi Kristian Romero faoliyatini 'Barselona'da davom ettirish istagi sababli 'Inter'ga o'tishi bo'yicha muzokaralarni vaqtincha to'xtatdi. Bu haqda The Touchline ijtimoiy tarmoqda ma'lum qildi.
Manbaga ko'ra, argentinalik futbolchi Kataloniya klubiga o'tishni eng jozibador variant sifatida ko'rmoqda. Shuningdek, uning agentlari ham yozgi transfer oynasi yakunlanishiga yaqin 'Barselona' himoyachini transfer qilish uchun jiddiy harakat boshlashi mumkinligiga ishonmoqda.
Qayd etilishicha, 'Inter' allaqachon Romero vakillari bilan bog'lanib, ehtimoliy transferni muhokama qilgan. Biroq himoyachi hozircha Milan klubi foydasiga qaror qabul qilishga shoshilayotgani yo'q. Ayni paytda 'Barselona' tomonidan rasmiy taklif ham yuborilmagan.
Kristian Romeroning 'Tottenhem' bilan shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi.