Romano «Manchester Yunayted»ning yangi transferi haqida ma’lumot berdi
“Manchester Yunayted” “Atalanta” yarim himoyachisi Edersonning transferini yakunladi.
Bu yozda mankunianliklarning yarim himoyaga qoʻshib olgan ilk futbolchisi boʻladi. Bu haqda insayder Fabrizio Romano X ijtimoiy tarmogʻida xabar berdi.
Manba ma’lumotiga koʻra, “qizil iblislar” yarim himoyachilari Kazemiro va Manuel Ugarte jamoani tark etadi, shu sababli “Manchester Yunayted" oʻz tarkibini yana bir futbolchi, ma’lum shartlar bajarilsa, ikki futbolchi bilan toʻldiradi.
Avvalroq Ederson “Manchester Yunayted” bilan 2030 yilning iyunigacha shartnoma imzolashi va uni 2031 yilgacha uzaytirish imkoni borligi haqida xabar berilgandi. Transfer summasi 40,5 million yevroni tashkil qiladi, yana 4,5 million yevro bonuslar sifatida belgilangan.
Ederson 2022 yil yozidan beri “Atalanta”da toʻp suradi. Oʻtgan mavsumda 26 yoshli markaziy yarim himoyachi klub safida barcha turnirlarda 41 ta oʻyin oʻtkazdi. Ularda Ederson uchta gol va ikkita golli uzatma muallifiga aylandi.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga koʻra, braziliyalik futbolchining narxi 45 million yevroni tashkil qiladi.