«Roma» Kastro transferiga yaqin, Dovbik kelishuvning bir qismi bo‘lishi mumkin
Italiyaning “Roma” klubi “Bolonya” hujumchisi Santiago Kastroni o‘z safiga qo‘shib olish bo‘yicha muzokaralarni hal qiluvchi bosqichga olib chiqdi. Bu haqda taniqli jurnalist Janluka Di Marzio o‘zining rasmiy saytida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Rim klubi transferni yaqin soatlar ichida rasmiylashtirishni rejalashtirmoqda. “Bolonya” bitimni amalga oshirish uchun o‘z shartlarini taqdim etgan va tomonlar ular ustida muzokara olib bormoqda.
Shuningdek, 21 yoshli argentinalik hujumchi ham “Roma”ga ko‘chib o‘tishga qiziqish bildirgan.
Xabar qilinishicha, kelishuv doirasida “Roma” hujumchisi Artyom Dovbik “Bolonya”ga ijara asosida yo‘l olishi mumkin. Bu esa Santiago Kastro transferini amalga oshirishga yordam beruvchi muhim omillardan biri sifatida ko‘rilmoqda.