Rodri PSJ taklifini rad etdi
"Manchester Siti" yarimhimoyachisi Rodri Fransiyaning "Pari Sen-Jermen" klubidan tushgan taklifni rad etdi. Xabarlarga ko‘ra, parijliklar 30 yoshli ispaniyalik futbolchi bilan bevosita bog‘lanib, ehtimoliy transfer shartlarini muhokama qilishga uringan.
Biroq Rodri PSJ vakillariga bu variantga qiziqmasligini darhol bildirgan. Manba ta’kidlashicha, futbolchi hatto Parij klubi taklif qilmoqchi bo‘lgan shartlarni ham tinglamagan va qisqa qilib: “Yo‘q, rahmat”, deya javob qaytargan.
Hozirda Rodrining asosiy maqsadi faoliyatini “Real Madrid”da davom ettirish ekani aytilmoqda. Ispaniyalik yarimhimoyachi avval ham Madrid klubiga o‘tish istagini yashirmagan. Yaqin vaqt ichida “Real” futbolchi bo‘yicha “Manchester Siti”ga rasmiy taklif yuborishi mumkin.
PSJning Rodriga qiziqishi esa klub rahbariyatining “Real Madrid”ga javob qaytarish istagi bilan ham bog‘lanmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Parij klubi “Leypsig” hujumchisi Yan Diomandani sotib olish poygasida favorit bo‘lgan, biroq keyinchalik madridliklar ushbu transferga aralashgan. Shundan so‘ng PSJ prezidenti Nosir Al-Xelayfiy Rodrining agenti bilan bog‘lanishni shaxsan topshirgan.
Ma’lumot uchun, Rodrining “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Hozircha futbolchi ingliz klubi bilan kelishuvni uzaytirish bo‘yicha muzokara olib borishni rejalashtirmayapti.